Hurmatli hamkasblar!

Xabaringiz bor, so'nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo'yishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017-yilning 3-yanvarida O'zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi Qonuni imzolanib, mamlakatimizda ilk bor korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yaratildi.

Mamalakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilganligi sababli, boshqaruv sifati indikatori va Hukumat ochiqligi bo'yicha "Open Data Inventory" reytingida O'zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida 1-o'rin, dunyoda 30-o'ringa ko'tarilgan.

"O'zenergosotish" aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirish maqsadida ichki me'yoriy hujjatlar va tartib-qoidalar ishlab chiqilgan.

Xususan, Jamiyatda korrupsiyaga qarshi "komplaens-nazorat" ichki nazorat tizimi yaratilgan hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tavsiya qilingan 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib, qabul qilingan.

Shuningdek, Jamiyat xodimlarining korrupsion harakatlari yuzasidan xabar berishga mo'ljallangan aloqa kanallari tashkil etilib, ular to'g'risidagi ma'lumotlar tashkilotning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq kanallarida ochiq joylashtirilgan.

Jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi tizimni yaratish muhim va zarurdir. Biz korrupsiyaga qarshi kurashni o'zimiz, farzandlarimiz va Jamiyatimiz rivoji uchun amalga oshirib, bunda murosasizlik, halollik, ochiq va shaffof ishlash orqali qonun ustuvorligiga erishishimiz mumkin.

O'z navbatida, "O'zenergosotish" AJ korrupsion harakatlarning har qanday shakl va ko'rinishlarini rad etadi, Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan keskin murosasizlik shakllanishini ta'minlaydi, tizimda korrupsiyaning oldini olish va uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga oid amaliy ishlarni olib boradi hamda qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilishga alohida e'tibor qaratadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning umumiy ishimiz, bu ishda barchangizni birdamlikka chaqiraman.

"O'zenergosotish" AJ Boshqaruv raisi

J. Obidjonov